Kontent qismiga oʻtish

Xuzayma ibn Xozim

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Xuzayma ibn Xozim
خزيمة بن خازم
Vafoti 818/19
Bagʻdod
Qoʻshin turlari Abbosiylar xalifaligi qoʻshini
Xizmatdagi yillari 749–810-yillar
Jang/urush Abbosiylar inqilobi, Arminiya, Arab—Xazar urushlari, Toʻrtinchi fitnadagi harbiy harakatlar
Aloqa Xozim ibn Xuzayma (otasi), Abdulloh ibn Xozim, Shuayb ibn Xozim, Ibrohim ibn Xozim (aka-ukalari)

Xuzayma ibn Xozim ibn Xuzayma at-Tamimiy (arabcha: خزيمة بن خازم بن خزيمة التميمي) (818/19-yilda vafot etgan) Abbosiylar xalifaligining ilk davrida nufuzli va qudratli amaldor boʻlgan. Taniqli harbiy sarkarda Xozim ibn Xuzaymaning oʻgʻli bo‘lgan bu shaxs imtiyozli va nufuzli mavqeni meros qilib olgan hamda yoshligidanoq davlatning yuqori lavozimlarida faoliyat yuritgan. 786-yilda Horun ar-Rashidning taxtga chiqishini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlib, uning butun hukmronligi davomida ta’sirli shaxs boʻlib qolgan.811—813-yillardagi fuqarolar urushi davrida al-Amin tomonida turdi. Biroq keyinchalik al-Aminning ukasi al-Ma’mun tomoniga oʻtib ketib, al-Ma’mun kuchlarining Bagʻdodgagi bir yillik qamalini gʻalaba bilan yakunlashda hal qiluvchi rol oʻynadi.

Xuzayma Abbosiylarning dastlabki tarafdorlaridan boʻlgan va sulolaning hokimiyatga kelishida ham inqilob davrida, ham undan keyin hal qiluvchi rol oʻynagan xurosonlik arab Xozim ibn Xuzaymaning oʻgʻli edi. Xozim tufayli oila Xurosoniylаr, ya’ni inqilob davrida gʻarbga kelib, dastlabki Abbosiylar hukumatining asosiy kuch manbaini tashkil etgan Xuroson askarlari orasida nufuzli mavqega erishgan[1]. Xuzayma yoshligida otasi bilan birgalikda inqilobda ishtirok etgan. Ad-Dinavoriyning ma’lumotlariga koʻra, 760-yilda Tabariston viloyatiga noib etib tayinlangan[2]. Xozim vafotidan soʻng (sanasi aniq emas, ammo 765-yildan keyin[3]), otasining mavqei va ta’siri Xuzaymaga meros boʻlib qolgan[4]. Xuzayma xalifa al-Mahdiy hukmronligi davrida (h. 775–785) Bagʻdod shahri sohib ash-shurtasi (politsiya boshligʻi) lavozimida xizmat qilgan[5].

Xuzaymaning qudrati 786-yilda, al-Hodiy (h. 785–786) vafot etganda namoyon boʻldi. Al-Hodiyning oʻgʻli Ja’farning taxtga boʻlgan da’volariga qarshi, al-Hodiyning ukasi Horun ar-Rashidning (h. 786–809) taxtga chiqishini ta’minlashda hal qiluvchi rol oʻynadi. 14-sentyabr kuni toʻsatdan vafot etgan al-Hodiy Horunni vorislikdan chetlatib, uning oʻrniga Ja’farni tayinlashni rejalashtirgan edi. Biroq, bu rejani amalga oshirishga ulgurmagan. Shunday qilib, al-Hodiy vafot etgan kechada Horun tarafdorlari uni zudlik bilan xalifa deb eʼlon qilishga kirishdilar. Boshqalar esa Ja’farga bayʼat keltirdilar. Xuzayma al-Hodiyning sodiq tarafdori boʻlganiga qaramay, xalifaning ukasi Abdullohni sohib ash-shurta lavozimidan chetlashtirish qarori uni xalifadan uzoqlashtirgan boʻlishi mumkin. Rivoyatlarga koʻra, Xuzayma oʻzining 5000 nafar tarafdorini toʻplab qurollantirgan. Yosh shahzodani yotogʻidan sudrab chiqarib, Horun foydasiga taxtga boʻlgan da’volaridan oshkora voz kechishga majbur qilgan[3][6][7].

Xuzayma ham, uning ukasi Abdulloh ham Horun davrida katta nufuzga ega boʻlib, yirik viloyatlar noiblari lavozimlarini egallashgan. Xuzaymaning boyligi shunchalik ulkanligi sababli, hatto Bagʻdod shahrida hashamatli saroy qurdirgan[3]. Xuzayma Basra noibi lavozimida[2], shuningdek ikki marta Arminiya (butun Kavkazorti hududini oʻz ichiga olgan katta viloyat) noibi (ostikan) lavozimida faoliyat yuritgan. Birinchi marta bu lavozimda 786—787-yillarda 14 oy davomida, keyinroq esa 804-yil atrofida noma’lum muddat ishlagan. Arab manbalariga koʻra, birinchi hukmronlik davri oqilona boshqaruv bilan ajralib turgan. Biroq, arman manbalariga koʻra, Armaniston va Iberiyadagi yarim mustaqil mahalliy knyazlarga qarshi muntazam va shafqatsiz ta’qiblar uyushtirib, ularning koʻpchiligini (jumladan, Kaxeti hukmdori Archilni) qatl ettirgan[8]. 799-yilda xazarlarning Arminiyaga bosqini ortidan, Xuzayma va Yazid ibn Mazyadga xazarlarga qarshi kurashish vazifasi topshirildi. Yazid qoʻshinlarni xazar bosqinchilariga qarshi boshqarib borgan, Xuzayma esa Nisibis yaqinida zaxirada qolgan[9]. 808-yilda Horun Xurosondagi Rofe ibn Lays qoʻzgʻolonini bostirish uchun sharqqa otlanayotganda, Xuzayma Horunning uchinchi oʻgʻli al-Qosimga vasiy va murabbiy etib tayinlandi. Al-Qosim oʻsha paytda Vizantiya imperiyasi bilan chegaradosh hudud noibi edi[10][11]. Horun hukmronligi oxirida xalifaning shohib ash-shurtasi lavozimini ham egallagan[2].

Horun vafotidan soʻng taxtga oʻtirgan al-Amin (h. 809–813) Xuzaymani Qosimning Jazira hududidagi oʻrinbosari etib tayinladi. 810-yilda esa, Qosim Bagʻdodga chaqirtirilib, amalda uy qamogʻiga olingach, Xuzayma uning oʻrniga ham Jazira, ham Vizantiya chegarasidagi hududlar noibi lavozimiga tayinlandi[12]. Al-Amin va uning oʻgay ukasi al-Ma’mun (h. 813–833) oʻrtasidagi fuqarolar urushi boshlanishidan oldingi davrda, al-Ma’mun Xuroson noibi va taxt vorisi boʻlgan vaqtda, Xuzayma al-Aminga al-Ma’munni vorislik qatoridan chiqarish orqali u bilan ochiqchasiga aloqalarni uzmaslik haqida maslahat bergan kishilar orasida edi[2][13]. Bu vaqtda Xuzayma juda keksa boʻlib, koʻzlari deyarli koʻrmay qolgan edi. Aksariyat Xurosoniylar va an’anaviy Abbosiylar elitasi kabi, Xuzayma va aka-ukalari dastlab Bagʻdoddagi al-Aminni qoʻllab-quvvatlab, Xurosondagi al-Ma’munga qarshi chiqishdi. Al-Maʼmun qoʻshinlarining qator gʻalabalaridan soʻng, Bagʻdodning oʻzi bir yillik qamalga duchor boʻldi. Qamal davom etgan sari, elitaning al-Aminga nisbatan qoʻllovi susaya boshladi. 813-yil sentyabr oyida al-Ma’munning lashkarboshisi Tohir ibn Husayn Xuzayma bilan aloqaga chiqdi. Muzokaralar samarali boʻlib, 21-sentyabr kechasi Xuzaymaning odamlari Bagʻdodning sharqiy va gʻarbiy qismlarini bogʻlovchi Dajla daryosi ustidagi asosiy koʻprikni buzib tashladilar. Shaharning sharqiy qismi ertasi kuniyoq taslim boʻldi. Tohirning qoʻshinlari esa gʻarbiy shaharning aksariyat qismiga hujum qilib, uni egallab oldi. Buning natijasida al-Amin qochishga majbur boʻldi. Biroq, Tohirning odamlari uni qoʻlga olib, qatl etishdi[14][15]. Xuzayma keyingi bir necha yil davomida ham muhim shaxs boʻlib qolib, Bagʻdoddagi notinch siyosiy hayotda faol ishtirok etdi. Bagʻdod aholisining al-Ma’mun noibi al-Hasan ibn Sahlga qarshi 816-yildagi qoʻzgʻolonining asosiy yetakchilaridan biri edi[2][16]. Xuzayma 818/19-yilda vafot etdi[17]. Xuzaymaning vafotidan keyin, fuqarolar urushining yakunlanishi va al-Ma’mun boshliq yangi elitaning yuksalishi natijasida, koʻplab xurosoniylar singari uning oilasi ham ilgarigi mavqeyini yoʻqotdi[3].

  1. Kennedy (2001), pp. 100–102
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 Crone (1980), p. 180
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 Kennedy (2001), p. 100
  4. Kennedy (1986), p. 82
  5. Kennedy (2001), p. 84
  6. Bosworth (1989), p. 96
  7. Kennedy (1986), pp. 112–113
  8. Laurent (1919), pp. 96 (Note 4), 341, 343
  9. Bosworth (1989), pp. 170–171
  10. Kennedy (1986), p. 132
  11. Bosworth (1989), p. 291
  12. Fishbein (1992), pp. 20, 22
  13. Fishbein (1992), p. 65
  14. Kennedy (1986), pp. 145–148
  15. Fishbein (1992), pp.173–175
  16. Bosworth (1987) pp. 46ff.
  17. Gibb (1995), p. 253 (Note 24)